Click to listen highlighted text!

Tom Soyer qoraqalpoq tilida: kitobxonlik sari muhim qadam

Keshiresiz, bul tekst tek O’zbekcha tilinde bar. Для вашего удобства, содержание ниже показано на доступном языке. Вы можете нажать на ссылку, чтобы изменить язык всего сайта.

Respublikamizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, jahon adabiyoti durdonalarini ona tilida mutolaa qilish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida yana bir muhim madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Madaniyat saroyida mashhur amerikalik yozuvchi Mark Tvenning “Tom Soyerning boshidan kechirganlari” asarining qoraqalpoq tilidagi ilk nashri keng jamoatchilikka tantanali tarzda taqdim etildi.

Mazkur asar “Plato books”, “Booky”, “Atiyaj” MCHJ hamda “Aydinlar” loyihasi tomonidan qoraqalpoq tiliga tarjima qilinib, ko‘p nusxada chop etildi. Taqdimot marosimi Qoraqalpoq davlat universiteti, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, shuningdek “Plato” va “Booky” MCHJ, SAG hamda “Atiyaj” tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda 400 nafardan ortiq mehmon — talaba-yoshlar, yozuvchi va adabiyotshunoslar, nashriyot vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Taqdimot davomida Mark Tven ijodining jahon adabiyotidagi o‘rni, “Tom Soyerning boshidan kechirganlari” asarining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati, shuningdek, asarning qoraqalpoq tiliga tarjima qilinishi milliy adabiyotimiz rivojida muhim qadam ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbirni universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori S.Alawatdinov hamda Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bosh mutaxassisi G‘.Seytekov ochib berib, ishtirokchilarni kitob taqdimoti munosabati bilan tabrikladilar. Shuningdek, asarni qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan Gulnara Ismailova so‘zga chiqib, tarjima jarayoni va asarning o‘ziga xos jihatlari haqida fikr bildirdi.

Tadbir doirasida “Booky” loyihasi asoschilaridan biri Azizbek Dabilov “Aydinlar” loyihasi yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazib, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan tarjima ishlari, qayta nashrlar hamda audiokitoblar yaratish bo‘yicha rejalar bilan o‘rtoqlashdi.

Dastur davomida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot va savol-javoblar tashkil etildi. Eng faol va mazmunli savollar mualliflari tashkilotchilar tomonidan kitob vaucherlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ta’kidlanganidek, kitobxonlarning talab va ehtiyojlarini qondirish maqsadida jahon adabiyotining mashhur asarlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilish, ilgari chop etilgan durdonalarni qayta nashr etish va ularni keng ommaga yetkazish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, fransuz yozuvchisi Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari qoraqalpoq tilida 2000 nusxada chop etilib, kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, Berdaq nomidagi Davlat mukofoti laureati Karamatdin Sultonovning “Ajiniyoz” romani qayta nashr etildi. Bundan tashqari, qoraqalpoq tilida 20 dan ortiq asar zamonaviy dizayn va bosma usulda qayta chop etildi. Xususan, A.S. Pushkinning “Tanlangan she’rlari”, Abay Qunanboyevning “Qora so‘zlar”, Sh. Aytmatovning “Bolaligim”, D. Defoening “Robinzon Kruzo”, D.S. Kleysonning “Vavilonning eng boy odami”, F. Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” kabi asarlar shular jumlasidandir.

Yaqin kunlarda yana bir qator yangi kitoblar taqdimotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, ushbu asarlarning qoraqalpoq tilidagi audio va elektron variantlarini tayyorlash ishlari ham izchil yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu formatlar zamonaviy axborot muhitiga mos bo‘lib, kitobxonlar qamrovini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, audio va elektron nashrlar kelgusida sun’iy intellekt texnologiyalari uchun muhim va ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirishda tayyor kontent sifatida foydalaniladi. Bu esa qoraqalpoq tilida raqamli mahsulotlar yaratish imkoniyatlarini kengaytirib, milliy tilimizning raqamli makondagi salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Besh tashabbus” loyihasining to‘rtinchi tashabbusi — yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etish va ularning ma’naviy-ma’rifiy rivojiga ko‘maklashish yo‘nalishining amaliy ifodasi bo‘ldi. Bugungi taqdimot yoshlarning ilm-fan, adabiyot va tafakkurga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Zakovat” kabi intellektual tanlovlar ham yoshlarni kitob o‘qishga undash, bilimga chanqoqlik va fikrlash madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Umuman olganda, jahon bestseller asarlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilish, ularni qayta nashr etish, audiokitoblar yaratish hamda kelgusida film variantlarini tayyorlash tashabbuslari yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni yanada rivojlantirish, milliy adabiyot va madaniyatimizni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Skip to content Click to listen highlighted text!