Amudaryoda “Yosh chegarachilar” aniqlandi
Yoshlar qalbida Vatanga muhabbat tuyg’ularini yanada mustahkamlash, ularni chegara xizmatiga qiziqtirish va bosqichma-bosqich tayyorlab borish, chegara qo’shinlarining shonli va jangovar an’analarining davomchilari etib tarbiyalash maqsadida o’quvchi-yoshlar o’rtasida “Yosh chegarachilar” musobaqasi o’tkazib kelinmoqda. Yoshlar ishlar agentligi Amudaryo tuman bo’limi, tuman turizm va sport bo’limi, tuman Xalq ta’limi bo’limi, tuman Tibbiyot birlashmasi hamda tuman Mudofaa bo’limi, “9202”–harbiy qism hamkorligida tashkil qilinib kelinayotgan ushbu musobaqalarda yoshlar qizg’in ishtirok etishmoqda.

30-mart kuni “Yosh chegarachilar” musobaqasining tuman bosqichi bo’lib o’tdi hamda unda umumta’lim maktablari hududiy bosqichda qatnashib, g’olib bo’lgan 5 ta jamoa ishtirok etdi. Jamoalardagi yoshlar o’zini tanishtirish, safda to’g’ri yurish, belgilangan masofaga yugurish, jangovar qurollarni qismlarga ajratish, yaralanganda birinchi tibbiy yordam ko’rsatish kabi shartlar asosida epchilliklarini, abjirliklarini namoyish etdilar va ular hakamlar hay’ati tomonidan odilona baholab borildi.

Qizg’in o’tgan musobaqada 6-sonli umumta’lim maktabining “Burgutlar” jamoasi 1-o’rinni, 45-sonli umumta’lim maktabining “Lochin” jamoasi 2-o’rinni, 48-sonli umumta’lim maktabining “Milliy gvardiya” jamoasi 3-o’rinni egallashdi.
“Yosh chegarachilar” musobaqasi yakunida g’oliblar va faol ishtirok etganlar Yoshlar ishlari agentligi tuman bo’limi tomonidan tayyorlangan sovg’alar, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Reportyor: Zafarbek Artiqbayev
