Davlat xavfsizlik xizmati kubogining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga qur’a tashlandi
Davlat xavfsizlik xizmati kubogining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga qur’a tashlandi
Yoshlar markazi binosida Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga start berildi va jamoalar o‘rtasida qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yurtimizda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni ommaviy sportga keng jalb qilish hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida har yili sportning futbol, mini-futbol va shaxmat turlari bo‘yicha «Davlat xavfsizlik xizmati kubogi» an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilda ham ushbu sport musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha keng ko‘lamli tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Turnirning dastlabki tuman va shahar bosqichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining 17 ta tuman va shahridagi 452 ta mahallani qamrab oldi. Ushbu quyi bosqich o‘yinlarida mahalla yoshlarining ommaviy sport bilan shug‘ullanishlari va o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda futbol va boshqa sport turlarini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Mazkur turnir ham aynan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda sog‘lom avlodni voyaga yetkazish maqsadlariga xizmat qiladi. Qur’a natijalariga ko‘ra, shahar va tuman bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng kuchli jamoalar endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida bosh sovrin hamda respublika yo‘llanmasi uchun o‘zaro bahs olib boradilar.





