SAHRODAGI LUVRDA «AVANGARD PATRULI»: YOSH OFITSERLAR MA’NAVIYAT SARCHASHMASIDAN BAHRAMAND BO‘LISHDI
SAHRODAGI LUVRDA «AVANGARD PATRULI»: YOSH OFITSERLAR MA’NAVIYAT SARCHASHMASIDAN BAHRAMAND BO‘LISHDI

12-avgust — Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 30 nafarga yaqin yosh xodimlari Nukus shahridagi dunyoga mashhur I.V. Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyiga ijodiy va ma’naviy sayohat uyushtirdishdi. «Sahrodagi Luvr» deya ta’rif beriluvchi ushbu muazzam maskanga uyushtirilgan tashrif yosh xodimlar uchun nafaqat madaniy hordiq, balki haqiqiy intellektual yuksalish maydoniga aylandi. «The Avant-Garde Patrol» (Avangard patruli) g‘oyasi va shiori ostida o‘tgan ushbu tadbir yosh hi moyachilarning dunyoqarashini boyitish, ularda milliy hamda jahon merosiga bo‘lgan yuksak hurmatni shakllantirishni maqsad qildi. Sayohat davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yosh xodimlari muzey fondidan joy olgan noyob tasviriy san’at asarlari, qadimiy Xorazm madaniyati yodgorliklari va qoraqalpoq xalq amaliy san’ati namunalari bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, taqiqlarga qaramay saqlab qolingan rus avangard san’atining durdonalari yosh xodimlarda katta qiziqish va taassurot qoldirdi. Tadbir tashkilotchisi, Vazirlik yoshlar yetakchisi leytenant A.Shamuratov, “Xalqaro yoshlar kuni” munosabati bilan xodimlarni tabriklar ekan, shunday dedi: “Bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimidan nafaqat jismoniy tayyorgarlik va qonunlarni yaxshi bilish, balki yuksak ma’naviyat hamda intellektual salohiyat ham talab etiladi. Bugungi kun, eng faol va shijoatli yosh xodimlarimizning ushbu sayohati xizmat vazifalarini bajarishda ularga yangi kuch va estetik did bag‘ishlaydi. Yoshlar kuni munosabati bilan barcha yosh hamkasblarimizni muborakbod etaman!” Muzey eksponatlarini ko‘zdan kechirar ekan, yosh ofitserlardan biri o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi: “Xalqaro yoshlar kunini bunday muhtasham madaniyat maskanida kutib olish bizga o‘zgacha g‘urur bag‘ishladi. Muzeydagi har bir eksponat va mo‘yqalam sohiblarining matonati bizni o‘tmish va kelajak haqida teranroq fikrlashga undaydi. Vatanimiz xavfsizligini nafaqat jismonan, balki ma’naviy jihatdan ham qo‘riqlashimiz kerakligini anglatdi. Bu sayohat biz uchun chinakam ma’naviy immunitet darsiga aylandi.” Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida xizmat qilayotgan yosh xodimlarining madaniy dam olishlarini mazmunli tashkil etish vazirlik rahbariyatining doimiy diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Zero, ma’naviyat expediksiyasi qalqon va mo‘yqalam uyg‘unligi yosh posbonlarning xizmat faoliyatida adolat, sadoqat va yuksak madaniyat bilan yondashishlariga mustahkam zamin yaratadi. Muzey bo‘ylab o‘tkazilgan ma’naviyat expediksiyasi, taassuratlarga boy ekskursiya va unutilmas lahzalar yosh xodimlarning kelgusi xizmat motivatsiyasini yanada oshirishi shubhasiz.
