Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Xo‘jayli tumanida yoshlar bilan uchrashdi
Yaqinda hurmatli Prezidentimizning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti o‘tkazilgan edi. O‘tkazilgan uchrashuv doirasida yoshlar bilan yaqindan fikr almashilib, ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi va shu asosda haftaning har payshanba kuni yoshlar kuni deb belgilandi. Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev Xo‘jayli tumanidagi yoshlar bilan uchrashdi.
O‘tkazilgan uchrashuvda dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi. Unda shuningdek, bugungi kunda iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqaraman, tashabbuslarini amalga oshiraman degan har qanday yoshga barcha imkoniyatlar yaratib berilganligi, yoshlarning istak-xohishlarini tinglab, ularning muammolariga yechim topish har bir rahbar oldidagi ustuvor vazifalardan biri ekanligi alohida tilga olindi. Ta’kidlash joizki, yoshlarning muammolariga yechim topish, ularning bandligini ta’minlash va turmush sharoitini yaxshilash borasida tumandagi har bir rahbar tomonidan bir qator yoshlar otaliqqa olindi. Shu qatorda, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi ham 20 yoshni o‘z homiyligiga olib, ularga yaqindan yordam berishini aytib o‘tdi.
O‘tkazilgan uchrashuv davomida yoshlarning muammolari tinglanib, mutasaddilarga barcha masalalarni hal qilib berish, kelgusida har bir yosh bilan bevosita ishlab, ularga yaqindan yordam berish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Uchrashuv davomida yoshlarning bandligini ta’minlash va o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imtiyozlar tanishtirildi. 
