“El-yurt umidi” jamgʻarmasi kunlari”
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi kunlari” doirasida Nukus shahrida uchrashuv o‘tkazildi Nukus shahri Yoshlar markazida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi kunlari” doirasida navbatdagi tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda hududdagi 11-sinf oʻquvchilari, oliy taʼlim muassasalari talabalari, ularning ota-onalari, mahalla yoshlari, yosh davlat xizmatchilari hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari ishtirok etdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova, Jamoatchilik bilan aloqalar va axborot xizmati rahbari Elvina Mustafina, Maqsadli amaliyotlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Gʻolibjon Xatamov, bosh inspektor Murod Fayziyev, Raqamlashtirish va axborot-tahlil boshqarmasi bosh inspektori Qaxramon Bektemirov, Iqtidorli yoshlar va mutaxassislar bilan ishlash boshqarmasi bosh inspektori Moʻmina Istamova hamda inspektor Rita Aytmuratova ishtirok etdi. Tadbir davomida jamgʻarma vakillari tomonidan “El-yurt umidi” jamgʻarmasining faoliyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashga oid farmoni mazmun-mohiyati, ochiq stipendiya tanlovlari tartibi va nomzodlarga qoʻyiladigan talablar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, xorijda tahsil olib qaytgan stipendiatlar tomonidan yoshlar bilan motivatsion uchrashuv va mahorat darslari oʻtkazildi. Ular oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashib, yoshlarga chet elda taʼlim olish, kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish va Vatanga qaytib xizmat qilish borasida tavsiyalar berdilar. Tadbir ishtirokchilari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyati, taʼlim va karyera imkoniyatlari, shuningdek, Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning yangi bosqichlari haqida kengroq tushunchaga ega boʻldilar.