“Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlar festivali davom etmoqda
Bugun ertalabdan Nukus shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlar festivali doirasida keng qamrovli tadbirlar boshlandi. Festivalda o‘quvchi, talaba hamda uyushmagan yoshlar faol ishtirok etmoqda.
Dastlab, “Salomatlik uchun 5000 qadam” loyihasi doirasida yurish marafoni tashkil etildi. “Do‘stlik” kanali bo‘yida o‘tkazilgan ushbu tadbirda mingdan ortiq ko‘ngilli yoshlar qatnashib, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashga o‘z hissasini qo‘shdi. Marafon ishtirokchilarga yaxshi kayfiyat va ruhiy ko‘tarinkilik ulashdi.
Festival doirasida qator intellektual va madaniy tadbirlar ham o‘tkazildi. Respublika “Yoshlar markazi”da “Munozara” intellektual o‘yini tashkil etilib, yoshlarning bilim va tafakkur salohiyati sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, “Do‘stlik” amfiteatri atrofida shaxmat va shashka musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Nukus davlat pedagogika institutida tasviriy san’at bo‘yicha tanlov tashkil etildi. Bundan tashqari, mazkur institutda “Rektor va yoshlar” uchrashuvi ham o‘tkazilib, unda talabalar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdilar. Uchrashuv davomida ta’lim jarayonini takomillashtirish hamda talabalarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Respublika “Yoshlar markazi” Media markazida esa “Qizlar ovozi” loyihasi doirasida faol qizlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlar festivali doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.