Beruniy tumanida yoshlar bilan ishlash samaradorligi ortmoqda
Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i P. Maxsetbayev rahbarligidagi ishchi jamoa Beruniy tumaniga tashrif buyurib, yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab, P. Maxsetbayev tumandagi umumta’lim maktablari direktorlarida yig‘ilish o‘tkazib, ta’lim muassasalari hamda mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va yoshlar yetakchilarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, “Bolalar harakati” sardorlar saylovini samarali tashkil etish bo‘yicha maxsus o‘quv-seminar ham tashkil etildi.
Tashrif davomida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va sharoitlar joyida o‘rganildi. Xususan, Prezidentning PQ-1-sonli qarori ijrosi doirasida “Shabboz” mahallasi, “To‘qimachi” mahallasi hamda “Abu Hoyat” mahallasida bo‘lib, yoshlar yetakchilarining faoliyati, ularning aholi, ayniqsa, yoshlar bilan olib borayotgan ishlari batafsil o‘rganildi. Mahallalarda yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va turli ijtimoiy loyihalarga jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Shundan so‘ng yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i P. Maxsetbayevning sayyor qabuli tashkil etildi. Muloqotda Aloqa bank, Agrobank, Xalq banki, O‘zmilliybank va Mikrokreditbank vakillari ishtirok etib, yoshlar uchun imtiyozli kreditlar, biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va startap tashabbuslarini moliyalashtirish tartiblari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Ushbu jarayon Prezidentning 2025-yil 14-fevraldagi PQ-60, PQ-61 va PQ-62-sonli qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Bundan tashqari, tumandagi uyushmagan yoshlar, faol va tashabbuskor yoshlar bilan uchrashuv ham o‘tkazildi. Uchrashuvda “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Qizlar akademiyasi”, “Uzchess”, “Ustoz AI” va “YONIDA” kabi loyihalar va platformalarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yoshlarning yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif va tashabbuslari muhokama qilinib, ularga amaliy yordam ko‘rsatish masalalari belgilab olindi.
Mazkur tashrif davomida yoshlarning tashabbuskorligi, ijodkorligi va ularning jamiyatdagi o‘rni yanada mustahkamlanib borayotgani ko‘rinib turdi. Bugungi kunda Beruniy tumanida yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilmoqda va 2025-yilda bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.