Respublika komissiyasi Qoraqalpog‘istonda
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida yoshlar masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi yig‘ilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Unda mas’ullarga qator muhim topshiriqlar berildi hamda yoshlar bilan ishlashdagi mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng Qahramon Quronboyev Nukus shahrining “G‘arezsizlik” mahallasida joylashgan “IT Park”ga tashrif buyurdi.
U yerda iqtidorli yoshlarning startap loyihalari, Prezident qarorlariga asosan (PQ-153 va PQ-62-son) yer va kredit olgan yoshlarning mahsulotlari bilan yaqindan tanishdi. Yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va tashabbuslari eshitildi.
Tashrif doirasida Nukus shahridagi “Aydin jol” mahallasida istiqomat qiluvchi, 21131-harbiy qism komandiri G‘olib Toshniyozovga biriktirilgan yosh — Nazira Jaqsimuratovaning xonadoniga ham borildi. Uning oilasiga ko‘mak sifatida uyning bir qismi buzilib, qayta qurib berilgan. Onasi doimiy ish bilan ta’minlangan. Respublika komissiyasi a’zolari, mazkur xonadonga tovuq, quyin va televizor sovg’a qilishdi.
Shuningdek, Nukus shahrining “Yashil bog‘” mahallasida joylashgan NDPIning talabalar dala amaliyoti o‘tayotgan hududida “Dolzarb 90 kun” doirasida tashkil etilgan “Talabalar oromgohi”ga ham tashrif buyurildi. Bu yerda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Amudaryo tumanidagi mahallalardan birida PQ-153-sonli qaror asosida yer ajratilgan yosh fermerlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Usenov Salamat 50 mln so‘m kredit olish istagini bildirdi, unga yordam sifatida sigir hadya qilindi. Shuningdek, Yo‘ldashov Asqar (20 sotix sabzi ekkan, yillik daromadi 45 mln) va Urazaliyev Sayidaxmad (60 sotixda qovun-tarvuz yetishtirib, 60 mln daromad qilgan) o‘z faoliyatini tanishtirdi.
Mazkur tashriflar davomida yoshlar hayoti, ularning muammolari va orzulari bilan yaqindan tanishish, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan imkoniyatlarning amaldagi natijalarini ko‘rish va baholashga katta e’tibor qaratildi.